KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI

Korrupsiya – har bir millatning eng jirkanch illatlaridan hisoblanadi. Korrupsiya mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga, fuqarolarning huquq va erkinliklarining buzilishiga, ulardagi davlat boshqaruvi organlariga nisbatan ishonchsizlikning paydo bo’lishiga olib keladi. Shundan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni yanada o’stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investisiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish muhim ahamiyatga ega. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash bo’yicha yangi tizimli choralar ko’rilishini taqozo qilmoqda. Shunga ko’ra, islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Sudyalarning chinakkam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida” Farmoni qabul qilinib, unga ko’ra, sud tizimiga yetarli bilim va hayotiy tajribaga ega bo’lgan munosib kadrlarni tanlash va lavozimga tayinlash hamda sudyalar faoliyatini xolis baholash jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari joriy etilmaganligi bu boradagi ishlar shaffofligining yetarlicha ta’minlanmay qolishiga sabab bo’layotganligi tanqidiy baholangan. Shuningdek, sud hokimiyati tizimida korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur o’rganish va tahlil qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini samarali yo’lga qo’yish talab etilayotganligi inobatga olinib, sudyalar mustaqilligini ta’minlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo’yicha davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari etib sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish bo’yicha kasbiy faoliyatini har qanday ko’rinishdagi tashqi ta’sirlardan samarali muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni yaratishni ko’zda tutadi. Bundan tashqari, farmon bilan sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni ta’minlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish, sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo’lga qo’yish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korrupsiyaviy harakatni murosasiz holat deb baholash, sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo’yicha kasbga munosibligini baholashga ko’maklashuvchi elektron dasturni ishlab chiqish va joriy qilish, sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish belgilangan. Shu bilan birga, mazkur farmonda sudyalarning yuridik javobgarligi masalasini hal etish paytida ularning odil sudlov bilan bog’liq faoliyatiga har qanday aralashuviga chek qo’yilishi  nazarda tutilgan. Aslida korrupsiya biror mansabdor shaxsning qonunchilik va axloqqa zid ravishda o’zining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foyda olishidir. Jamiyatimizni korrupsiyadan saqlashimiz uchun avvalambor, fuqarolar ongida huquqiy madaniyatni oshirish lozimligi, bunda davlat organlari va tashkilotlar xodimlarini, ta’lim muassasalarida o’quvchi va talabalarning huquqiy ongini yuksaltirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilanishi, xuquqiy ta’lim sohasidagi mutaxassislarni kasbiy tayyorlashning sifatini yaxshilash hamda doimiy ravishda takomillashtirilib  borishiga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish ayni muddaodir. Bugun har bir davlat xizmatchisi va huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari xodimlarining fe’l-atvoriga O’zbekiston Respublikasi qonunlariga bo’ysunish va ularni hurmat qilish odobini singdirib borish o’ta muhim vazifadir. Jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilayotgan hozirgi davrda mansabdor shaxslarning huquqiy bilimi va manaviyati darajasiga nisbatan alohida talablar ishlab chiqish, qonunlarga hurmatsizlik qilgan mansabdor shaxslar to’g’risida asoslantirilgan ko’rsatuvlar, eshittirishlar tashkil qilish, maqolalar chop etib borish, ularning qilmishi noto’g’ri ekanligini ta’sirchan vositalar orqali ko’rsatib berish, albatta, o’z samarasini beradi. Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashishga doir qabul qilanayotgan normativ hujjatlar nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi mustahkamlanishini, balki har bir rahbar, har bir fuqaroning o’ziga yuklatilgan vazifani sidqidildan, halol ado etishini, shu bilan birga, jamiyatdagi muhit, aholining huquqiy bilimi, madaniyat darajasi, ma’naviyati, uyushqoqligi va jamoat faolligi pastligi kabi omillarga barham berishni talab etadi.

Namangan viloyat ma’muriy sudi bosh konsultanti Bekzod Ergashev