TARAQQIYOT STRATEGIYASI-YANGI MAQSAD VA ISLOHOTLAR BOSQICHIDIR.

Barchamizga yaxshi ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan «2022 — 2026 yillarga mo’ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi» tasdiqlandi. Strategiya bu ma’lum davrda, muayyan maqsadlarga erishishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui hisoblandi. Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan Strategiya O’zbekiston Respublikasining kelgusi 5 yillikdagi taraqqiyotida asosiy yo’nalishlarni belgilab beradi.

Farmon bilan tasdiqlangan Strategiya jamoatchilik va barcha soxa vakillari tomonidan katta qiziqish va mas’uliyat bilan kutib olindi. Sababi, mazkur Strategiyada jamiyat va davlat, har bir soxani rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari belgilab berildi.

Jumladan, Taraqqiyot strategiyasining 2-yo’nalishi «Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish» deb nomlandi. Tabiiyki, mazkur yo’nalishda mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, bu soxada demokratik tamoyillarga asoslangan holda inson qadriga bo’lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.

«Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish» yo’nalishning 15-maqsadi «Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o’rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish» deb nomlanib, unda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Jumladan, ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko’rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo’llash soxasini kengaytirish. «Xabeas korpus» institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish. Sud prosessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini ro’yobga chiqarish. Sudlar tizimida «yagona darcha» tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimini joriy etish. Sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik g’ov va to’siqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish. Nizolarni hal etishning muqbil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo’llash doirasini yanada kengaytirish.

Sud xokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning o’zini o’zi boshqarish tamoyilini keng joriy etish hamda sudyalarga g’ayriqonuniy tarzda ta’sir o’tkazishning oldini olish bo’yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish. Sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, sud tizimidagi rahbarlik lavozimlariga tayinlashda saylanish va xisobdorlik kabi demokratik tamoyillarni joriy etish.

Sud tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy xujjatlarni tizimlashtirish ishlarini olib borish. Mazkur yo’nalishdagi tadbirlarning amalga oshirilishi shaxsan Prezident nazoratida bo’lib, 2022 yilning dastlabki Prezident qarorlaridan biri ma’muriy sudlar faoliyati samaradorligini yanada oshirishga bag’ishlandi.

Xususan, 2022 yil 29 yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi
Prezidentining PQ-107-sonli «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda axolining sudlarga bo’lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan ma’muriy sudlar faoliyatida qator isloxotlar amalga oshirilishi nazarda tutilmokda. Jumladan, «ma’muriy sud ishlarini yuritishni «sudning faol ishtiroki» tamoyili asosida amalga oshirish, bunda ma’muriy sudlarga ishning haqiqiy xolatlarini aniqlash uchun o’z tashabbusi bilan dalillarni yig’ish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga esa dalillarni yig’ishda faqat o’z imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish;

huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog’lanishda bo’lgan zararni undirish talabini ham ma’muriy sudga bildirish huquqini taqdim etish hamda bunday talablarni ko’rib chiqishni ma’muriy sudlar vakolatiga o’tkazish;

ma’muriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo’yicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo’llash;

ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo’yicha taraflar o’rtasida yarashuvga erishish mexanizmlarini joriy qilish» nazarda tutilgan.

Ta’kidlash kerakki, mazkur isloxotlar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimining samaradorligi oshishiga, ma’muriy sudlarning qonun ustuvorligi prinsipini ta’minlashdagi ahamiyatini ko’tarilishiga olib keladi.

Namangan tumanlararo

ma’muriy sudining devonxona mudiri                           K.Bakiyev

Namangan tumanlararo

ma’muriy sudining arxiv mudiri                                       B.Mamadaliyev