Soliqlar zamonaviy jamiyatning ajralmas tarkibiy qismidir. Chunki ular ushbu jamiyat o‘zining muhim funksiyalarini bajarish uchun moliyaviy manbalari hisoblanadi. Uzoq vaqt davomida soliqlarni har bir jamiyat o‘zining tartib qoidalar orqali tashkil etib kelingan.
Bu o‘z navbatida tor doirada harakatlanuvchi mutaxassislar bilan chegaralangan va ko‘pincha qattiq huquqiy asosga ega bo‘lgan odamlar uchun ham tushunish qiyin bo‘lib kelgan. So‘nggi paytlarda soliqlar yangiliklarni sarlavha ostiga olish bilan butun dunyoda fuqarolik jamiyatiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi va soliqlarning aslida qanday ishlashini tushunishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirmoqda.
Soliqlarni to‘lash axloqiy burch bo‘lishdan tashqari, har bir huquqiy tizim tomonidan tartibga solinadigan va shu bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan huquqlarni belgilaydigan ijobiy doirada tartibga solinadigan huquqiy majburiyatdir. Ko‘pincha daromadlarni oshirish funksiyasi soliqqa tortishning qonuniy o‘lchamlariga soya soladi. Shunga qaramay, soliqlar muhim tarkibiy qismni tashkil etadi, chunki u soliqlarni yig‘ish har bir jamiyatning asosiy qadriyatlari bo‘lgan qonun ustuvorligi va sivilizatsiyalashgan davlatlar tamoyillariga muvofiqligini ta’minlaydi. Bizning fikrimiz shundan iboratki, ikkalasi ham zamonaviy soliq tizimida ajralmas hisoblanadi.
Soliqlarning amal qilishini bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida ikki holat bilan ifodalash mumkin: birinchidan, davlatning qator vazifalarini mablag‘ bilan ta’minlash zarurligi, ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti qonun-qoidalari.
Soliq kodeksiga va Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq tadbirkorlik sub’yektlarida oʻtkazilishi mumkin boʻlgan soliq tekshiruvlarining quyidagi turlari mavjud:
- kameral soliq tekshiruvi;
- sayyor soliq tekshiruvi;
- soliq auditi.
Kameral soliq tekshiruvi — bu soliq toʻlovchilar tomonidan soliqlar va yigʻimlar toʻgʻri hisoblanishini, oʻz vaqtida va toʻliq byudjet tizimiga toʻlanishi yuzasidan soliq organi tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruv. Kameral soliq tekshiruvi soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlarini va soliq organida mavjud boʻlgan soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa ma’lumotlarni oʻrganish va tahlil qilish asosida oʻtkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvi — soliq organlari tomonidan soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash sohasida soliq to‘lovchilarning ayrim majburiyatlarini, shuningdek, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarish bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshiruv bo‘lib, unda hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi.
Soliq auditi — soliq to‘lovchining (soliq agentining) muayyan davrdagi moliya va soliq hisobotlarining soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka barcha jihatlardan muvofiqligi va haqqoniyligini, soliq solish maqsadlarida buxgalteriya hisobi va soliq solish maqsadlarida hisobga olishda soliq majburiyatlarining to‘g‘ri shakllantirilishi va aks ettirilishini soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganish orqali soliqlarni to‘g‘ri hisoblash va to‘lashning to‘g‘riligini tekshirishdir.
Soliqlarning funksiyasini o‘rganish ularning iqtisodiyotdagi rolini ko‘rsatib bersa, soliqqa tortish tamoyillari soliq munosabatlarini amaliyotda tashkil etish, soliqqa tortish,uni undirish amaliyotining mazmunini ochib beradi.
Ko‘plab iqtisodchilar soliqqa tortish iqtisodiyotning ravnaqiga olib kelishi mumkin bo‘lgan tamoyillarni qayd etishgan.Soliqqa tortish tamoyillarini A.Smit o‘zining «Xalqlar boyligining sabablari va tabiatlari» nomli kitobida (1776) ilk bor asoslab bergan:
1. Davlat fuqarolari davlat xarajatlarini qoplashda o‘zlari hukumat muhofazasida foydalanayotgan daromadlariga muvofiq tarzda qatnashishlari lozim.
2. Har bir odam to‘laydigan soliq aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak, bunda o‘zboshimchalik ketmaydi. Soliq miqdori, to‘lanadigan vaqti va tartibi uni to‘lovchiga ham, boshqa har qanday odamga ham birday aniq va ma’lum bo‘lishi zarur.
3. Har bir soliq to‘lovchiga har jihatdan qulay bo‘lgan vaqtda va tartibda undirilishi kerak.
4. Har bir soliq shunday tarzda o‘rnatilishi kerakki, bunda soliq to‘lovchining hamyonidan ketadigan pul davlat budjetiga kelib tushadigan mablag‘ga nisbatan ortiq bo‘lishiga mumkin qadar yo‘l qo‘yilmasin.
Soliqqa tortishning adolatlilik tamoyiliga muvofiq, soliqlar jamiyat tomonidan oqilona va adolatli deb tan olingan umumiy obyektiv qoidalarga binoan belgilanishi lozim. Soliqqa tortishning adolatlilik tamoyili asosiy guruhdagi soliqqa tortish tamoyillariga bo‘linadi. Bularni ikki guruhga bo‘lgan holda o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bunda gorizontal va vertikal adolatni bir-biridan farqlash lozim.
Gorizontal adolat tamoyili daromad olishning turli sharoitlarida soliq to‘lovchilarga nisbatan soliqqa tortishning taxminan teng shartlarini qo‘llashni ko‘zda tutadi.
Vertikal adolat deganda, xo‘jalik yuritishning birmuncha og‘ir sharoitlarida ishlayotgan subyektlar uchun soliqqa tortishning bir qadar yumshoqroq shartlarini, yengil daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lgan subyektlar uchun esa og‘irroq shartlarni qo‘llash tushuniladi. Soliqlarning rag‘batlantirish funksiyasini bajarish doirasida ikkinchi tamoyil buzilishi mumkin.
Masalan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida ularni ishlab chiqarish bo‘yicha soliqqa tortishda bir qadar imtiyozli shartlar yoki aksincha, vino-aroq va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni cheklash uchun ulardan olinadigan egri soliqlarning yuqori stavkalari belgilangan hollar ham bo‘ladi.
Amaldagi “Soliq kodeksi”ning 10-moddasiga asosan “Adolatlilik tamoyili”ga quyidagicha ta’rif berilgan: Soliqlar va yig‘imlar kamsitish xususiyatiga ega bo‘lishi hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo‘llanilishi mumkin emas.
Mulkning shakliga, jismoniy shaxslarning fuqaroligiga yoki kapitalning kelib chiqish mamlakatiga qarab farqlangan soliq stavkalarini, soliq imtiyozlarini yoki boshqa afzalliklarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan soliqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Adolatlilik tamoyili — daromadlar va hukumat dasturlaridan foydalanish darajasi boʻyicha teng boʻlgan kishilar teng miqdorda soliq toʻlashi zarur.
Ijtimoiy adolat tamoyilini amalga oshirishga turlicha yondashuvlar bo‘lishi mumkin. Agar soliqlarni to‘plangan soliqlar hisobidan ro‘yobga chiqariladigan davlat dasturlaridan keyinchalik foyda ko‘radigan shaxslar to‘lasa, u holda adolatli deb hisoblanadi. Aytaylik, respublika yo‘l jamg‘armasiga tushadigan mablag‘ni davlat katta yo‘llarni ta’mirlashga yoki qurishga sarflasa, bundan jamg‘armaga ajratmalarni to‘lovchilarning o‘zlari-avtomobil egalari naf ko‘radi. Biroq bunday yondashuvni keng miqyosda amalga oshirishning iloji bo‘lmaydi. Huquq-tartibotni mustahkamlash, maorifni rivojlantirish, atrof-muhitni qo‘riqlashdan aniq ravishda kim ko‘proq foyda ko‘rishini qanday qilib hisoblab chiqish mumkin? Hatto bepul sog‘liqni saqlash dasturlaridan, asosan, ko‘p bolali oilalar, keksa va nochor fuqarolar foydalanishlari aniqlab chiqilgan taqdirda ham ana shu maqsadlar uchun maxsus soliqlarni aynan ularning o‘zidan undirishni talab qilish adolatdan bo‘lmaydi, albatta.
Soliqqa tortishdagi adolat tamoyili ba’zi hollarda taqsimotdagi ijtimoiy adolat tamoyili ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Shuni ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, bu tamoyilni daromadlarni teng ravishda taqsimlash, baravarlashtirish deb tushunmaslik kerak.
Qonun oldida tenglikka rioya etilishi, ijtimoiy mumtozlikka, irq va dinga munosiblikka asoslangan imtiyozlarning bekor qilinishi, inson asosiy huquqlarga birday ega bo‘lishi kabi tenglik tamoyillari bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan va bu tamoyillar qadriyatlarning ijtimoiy tizimida qat’i amal qilmog‘i lozim. Moddiy tenglik, ya’ni daromadlar, mulk, iste’mol sohasidagi tenglik haqida gap ketadigan bo‘lsa, aytish kerakki, bunday tenglikka erishib bo‘lmaydi.
Konstitutsiyaning 63-moddasiga ko`ra fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligi belgilangan.
Davlat va jamiyat barcha fuqarolar yaxshi hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoit yaratib berishlari kerak, albatta, soliqqa tortish tizimi esa istiqbolga mo‘ljallangan rejada aholining farovonligini umumiy tarzda amalga oshirish orqali jamiyat quyi qatlamlarining ahvoli izchil ravishda yaxshilanib borishiga ko‘maklashmog‘i zarur.
Soliq qonunchiligi jismoniy shaxslar daromad turlarining barchasiga nisbatan imkon qadar neytral va teng munosabatda bo‘lishi zarur. Shunda, birinchidan, soliqqa oid tartib-taomillarning muayyan iqtisodiy faoliyat turini asossiz rag‘batlantirmasligiga yoki aksincha, jazolamasligiga erishiladi.
Fuqaro daromadlarini soliq omili emas, uning iqtidor va layoqatlari, bozordagi talab hamda taklif va boshqalar belgilay boshlaydi. Ikkinchidan, soliq to‘lovchilarning tegishli qonun hujjatlariga itoatkorligi, hurmati oshadi. Uchinchidan, budjetga jismoniy shaxslardan tushadigan soliq tushumlari ko‘payadi.
Namangan tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi
Akbarova Bibixon Adxamovna
Sudya yordamchisi: Olimjonov Sherzod Baxramjon o`g`li